RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan va muhokamalarga sabab bo‘lgan “Xo‘rlangan o‘qituvchi!” sarlavhali videolavha bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz. Xabarda Qarshi shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilar muzlab qolgan issiqlik trubalarini issiq suv bilan eritishgani, bu holatda o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilgani aytilgan.
Mazkur holat tegishli mas’ullar tomonidan atroflicha o‘rganilib, maktab o‘qituvchilari bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat jarayonida maktab rahbariyatiga yuqori tashkilotlardan bu borada hech qanday ko‘rsatma va topshiriq berilmaganligi, maktab rahbari tomonidan ham o‘qituvchilarga majburiy tarzda topshiriqlar berilmaganligi aniqlandi. Maktabda xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, o‘t yoquvchi va ishchi xodimlarning issiqlik tizimini ishchi holatga keltirish bo‘yicha bajarayotgan ishlarini ko‘rib, o‘qituvchilarning o‘zlari maktab rahbariga ishchi xodimlarga yordam berish taklifini kiritib, o‘z xoxishlari bilan ularga beg‘araz yordam berishga kirishganligi suhbat jarayonida ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Qarshi shahar 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 2023 yil 10 yanvar kuni shahar, viloyat ishchi guruhlari tomonidan maktabni o‘quv jarayoniga tayyorgarlik holati o‘rganilib, maktab dars mashg‘ulotlarini olib borishga tayyor emas deb topilib, 11 yanvar kuni maktabda dars mashg‘ulotlariga ruxsat etilmagan hamda maktabda dars bo‘lmagan.
Kelgusida bu kabi salbiy holat qayta takrorlanmasligi uchun maktab ma’muriyati va o‘qituvchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilamiz.
Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati