Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi o‘quvchilari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

👩‍🎓“11-fevral — Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni» munosabati bilan tashkil etilgan mazkur bellashuvda ishtirokchilar 9 ta jamoaga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashishdi. O‘quvchi-qizlar «Zakovat intellektual klubi» NNT tomonidan maktab darsliklari ma’lumotlari asosida tuzilgan mantiqiy savollar asosida bahs olib borishdi.

Musobaqada do’stlik g’alaba qozonib, barcha jamoalarga adabiyotimizning durdona asarlari taqdim etildi. Shuningdek, tadbir yakunida «Zakovat intellektual klubi» tomonidan muassasa o’quvchilariga televizor sovg’a qilindi.

Eslatib o’tamiz, yurtimizdagi umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida qator intellektual o‘yinlar Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tkazib kelinmoqda.