Maktablarda fizika va kimyo fanlari qisqartirilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilinayotgan munozaralarga ta’lim sohasiga mas’ul rahbar sifatida fikr bildirib o‘tmoqchiman.

Barchamiz yaxshi bilamiz, maktab — har qanday soha va yo‘nalishda insonga bilim poydevori bo‘lib xizmat qiladigan maskan sanaladi. Muhandis-u shifokor, dunyoga mashhur olim-u sportchi yoki boshqa turli kasb egalari bo‘lsin, shu maktabdan yetishib chiqadi, hayotiy tushuncha va bilimlarni, avvalo maktabda oladi. Shunday ekan, maktab har bir o‘quvchi uchun bazaviy bilim poydevorini qo‘yishi lozim.

Kelajakda gumanitar sohani egallaydigan o‘quvchilarga fizika yoki kimyo fanlarini o‘qitish kerak emas, deyish mumkin emas. Sababi har bir inson qaysi kasbni tanlamasin, mavjud ilmiy paradigma asosida dunyo qanday tuzilganini bilishi shart.

Fizika va kimyo kabi fundamental fanlarni o‘qitish asnosida insonning fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Bunday salohiyatga ega bo‘lgan shaxs esa hodisalarni tahlil qilish, tushunish va tushuntirishga qodir bo‘ladi. Shunday ekan, ta’lim sohasiga mas’ul rahbar sifatida ushbu fundamental fanlarni maktab o‘quvchilariga o‘qitilishini bekor qilinishi haqidagi fikrlar hech bir asosga ega emasligini va bunday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilaman. Aksincha, endilikda biz maktablarda ushbu fanlarni o‘qitishni amaliyot bilan bog‘lash ustida bosh qotirishimiz va buning uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga bor e’tiborimizni qaratishimiz zarur.

2023-yil Davlatimiz rahbari tomonidan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi hamda bizning oldimizga maktablarda ta’lim sifatini ko‘tarish, bitiruvchi yoshlarning biror kasb sirlarini o‘rganib chiqishi vazifasi qo‘yildi. Mazkur vazifadan kelib chiqib aytishim mumkinki, yuqori sinf o‘quvchilarining olayotgan bilimlarini o‘z tanlagan kasbiga qarab yo‘naltirish va ularning hayotiy ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratamiz.

Bu boradagi boshlangan ishlar mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida yanada kuchaytiriladi va o‘ylaymanki, (https://www.uzedu.uz/uz/news/893) ushbu tashabbuslar oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishish hamda farzandlarimizning kelajakda ma’lum bir kasbning haqiqiy egasi bo‘lib chiqishida katta xizmat qiladi.

Hilola Umarova,
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri